• Телефон: 79-562-17-98

  • Часы работы: 9-00 dan 18-00 gacha

Maktabgacha ta’lim muassasalarida xavfsiz va oqilona ovqatlanishni tashkil etish masalasi ko‘tarildi

Maktabgacha ta’lim muassasalarida xavfsiz va oqilona ovqatlanishni tashkil etish masalasi ko‘tarildi


Bugun, 11-iyun kuni Toshkent shahrida maktabgacha ta’lim muassasalarida xavfsiz va oqilona ovqatlanishni tashkil etish mavzusi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbir ishtirokchilari maktabgacha ta’lim muassasalari uchun taomnomani ishlab chiqish, noto‘g‘ri ovqatlanish oqibatida yuzaga kelgan kasalliklar profilaktikasi masalalarini, infeksion va ovqatdan zaharlanishni oldini olish yuzasidan ishlab chiqilgan choralarni, shuningdek bolalarni degelmintizatsiya qilish masalalarini atroflicha muhokama etdilar. 
Maktabgacha ta’lim muassasalarida ovqatlanishni tashkil etish mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbati O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi, Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Toshkent tibbiyot akademiyasi mutaxassislari ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida keng doiradagi masalalar, shu jumladan 2019-yilning 20-aprelida tasdiqlangan «O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim muassasalarida xavfsiz va oqilona ovqatlanishni tashkil etishga bo‘lgan gigiyena talablari» yangilangan Sanitariya normalari va qoidalari muhokama etildi.
«Maktabgacha ta’lim muassasalarida ovqatlanishni tashkil etish masalasi tor doiradagi ishchi guruhlar tomonidan ko‘rib chiqilmay, balki birinchi marotaba idoralararo keng xususiyatga ega bo‘lmoqda. Biz mazkur masala muhokamasiga nafaqat tegishli vazirliklarni, balki amaliyotchilarni, ya’ni shifokorlarni hamda maktabgacha ta’lim muassasalari mudirlarini ham jalb etdik. Maktabgacha ta’lim vazirligi bolalarda to‘g‘ri ovqatlanishga odatlanishni shakllantirish bo‘yicha ish olib borib, ushbu holat ular ulg‘ayganda noto‘g‘ri ovqatlanish oqibatida yuzaga keladigan kasalliklarni oldini olish imkonini beradi. Tarbiyalanuvchilar ratsioni foydali, mutanosib bo‘lishi hamda unda umumiy maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilarining yoshlari inobatga olingan tuzilishi lozim. MTMlarda sog‘lom ovqatlanishni yo‘lga qo‘yish uchun xavsiz, to‘yimli va sog‘lom oziq-ovqat maxsulotlarining doimiy ta’minotini ko‘zda tutuvchi standartlarga uzluksiz ravishda amal qilish lozim», — deydi ixtisoslashtirilgan MTM faoliyatini muvofiqlashtirish, bolalar reabilitatsiyasi va salomatligini ta’minlash bo‘limi boshlig‘i Umida Muhitdinova.
Maktabgacha ta’lim vazirligi bolalar salomatligi xavfsizligini oshirish bo‘yicha ishlarni amalga oshirishda davom etmoqda. Ovqatdan zaharlanish holatlari tahlili natijasida maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarining sanitariya normalariga rioya etish yuzasidan bilimini oshirish va mas’uliyatini kuchaytirish zarurati mavjudligi aniqlandi. Maktabgacha ta’lim muassasalarining barcha xodimlari sanitariya minimumi kurslarida gigiyena bo‘yicha ta’lim olishi shart. Shuningdek, begona shaxslar maxsus kiyimsiz va tibbiy ko‘rikdan o‘tganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomasisiz oziq-ovqat blokiga kirishi taqiqlanadi.
Maktabgacha ta’lim vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi maktabgacha ta’lim muassasalarida ovqatlanishni yanada yaxshilash bo‘yicha birgalikdagi idoralararo ishini davom etadi, deyiladi vazirlik xabarida.


Manba: xabar.uz